86bb33e69ff42df038382b94d7c1062bInha universiteti “Joongang Daily” nashri tomonidan chop etilgan Janubiy Koreya oliy o’quv yurtlari reytingida 10-o’rindan 8-o’ringa ko’tarildi. Reytingdan 189  universitet o’rin olgan.

“Joongang Daily” nashrining universitetlar reytingi Janubiy Koreyalik oliy o’quv yurtlari uchun boshqa xalqaro reytinglardan muhimroq. Shu bois ular mazkur  reytingdagi natijalarini muntazam ravishda yaxshilab borishga harakat qilishadi.

Reyting universitetlar faoliyatini tadqiqot, ta`lim, o’quv yurti bitiruvchilarini ish bilan ta`minlash darajasi, fond faoliyati va boshqa ko’rsatkichlar asosida baholaydi.

Yangi “Joongang Daily” reytingida Koreya Respublikasidagi Inha universiteti 182 ball bilan 8-o’rinni egalladi. O’tgan yili universitet 177 ball bilan 10-pog’onada edi.

Ta`kidlash lozimki, Koreya Respublikasidagi Inha universiteti 2014 yildan beri ushbu reytingdagi natijasini yangilab kelmoqda. 2014 yilda “Joongang Daily” reytingida Koreya Respublikasidagi Inha universiteti 14-o’rinda bo’lsa, 2015 yilda ta`lim muassassasi 13-o’ringa ko’tarilgan. O’tgan yili esa universitet 10-pog’onani egalladi.

Inha universiteti ko’rsatkichlarning aksariyatida birinchi 10 talikka kiritilgan yoki unga yaqin o’rinlarda joylashgan. Misol uchun, oliy o’quv yurti “Talabalarning o’zlashtirishi” ko’rsatkichi bo’yicha 3-o’rinni egallagan. “Xodimlarni ishga olish uchun tavsiya qilinadigan universitet” va “Maktabni bitirgach, o’qish uchun eng yaxshi universitet” bo’yicha esa 6-o’rinni egallagan.

Ta`kidlash joizki, Koreya Respublikasidagi Inha universiteti O’zbekistonda ham o’zining yuqori sifatli dasturlarini taklif etmoqda. 2014 yilda Toshkent shahrida Inha universiteti ochildi. Bugungi kunda Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) yoshlarga «Kompyuter va dasturiy injiniring» va «Logistika» yo’nalishlari bo’yicha o’quv dasturlarini taklif etib kelmoqda.

IUT rektori Sarvar Boboxo’jayev shunday dedi: “Toshkent shahridagi Inha universiteti jamoasi nomidan Koreya Respublikasidagi Inha universitetini ushbu natijasi bilan qutlayman. Mazkur reyting Koreya Respublikasidagi Inha universiteti yuqori sifatli ta`lim va tadqiqotlar dasturlarini taklif etishining isbotidir”.

“IUT o’quv dasturi Koreya Respublikasidagi Inha universitetining ta`lim dasturlariga to’liq asoslangan. Koreya Respublikasidagi Inha universiteti vakillari ta`lim sifatini ta`minlash uchun IUT’dagi akademik jarayonlarni nazorat qilishadi”, – dedi u.

“IUT’da yuqori malakali xorijiy va mahalliy professorlar ishlashadi va ular yoshlar bilan o’z bilimlari va tajribalarini o’rtoqlashishadi”, – qo’shimcha qildi IUT rektori.